Rossiya Fanlar akademiyasi Sotsiologiya instituti Millatlararo munosabatlarni tadqiq qilish markazi rahbari Vladimir Mukomel mehnat migrantlarining oilalarini mamlakatga olib kelishini taqiqlash gʻoyasini keskin tanqid qildi. Taniqli sotsiologning fikricha, bunday cheklovlar uzoq muddatli istiqbolda Rossiyaning oʻzi uchun jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Davlat Dumasiga LDPR partiyasi deputatlari tomonidan yangi qonun loyihasi kiritilgan edi. Unga koʻra, Rossiyada patent yoki vaqtinchalik ish ruxsatnomasi bilan ishlayotgan xorijlik migrantlarning oila aʼzolariga (agar ularda alohida qonuniy asoslar boʻlmasa) mamlakatga kirishni taqiqlash taklif etilmoqda.
Sotsiologiya fanlari doktori Vladimir Mukomel ushbu tashabbusning salbiy jihatlariga eʼtibor qaratdi. Ekspertning taʼkidlashicha, oilalarning kelishini taqiqlash Rossiyani mahalliy madaniyat va jamiyatga moslashgan, rus tilini yaxshi biladigan yangi avloddan mahrum qiladi. Oilasi bilan kelgan migrantlar Rossiya jamiyatiga tezroq integratsiyalashadi va qonunlarga koʻproq rioya qiladi. Ularning taqiqlanishi esa aksincha, yopiq etnik guruhlarning shakllanishiga va ijtimoiy keskinlikka zamin yaratishi mumkin.
Shuningdek, ekspert 2024-yilgi maʼlum voqealardan soʻng Rossiyaning migratsiya siyosati keskin oʻzgarganini va qonunchilik tobora qatʼiylashib borayotganini qayd etdi. Mutaxassislar radikal taqiqlar oʻrniga migrantlarni Rossiya jamiyatiga integratsiya qilish mexanizmlarini kuchaytirish samaraliroq ekanini taʼkidlamoqda.









