Rossiyada mehnat migratsiyasi tizimini o'zgartirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar boshlanishi 2027-yil 1-martga belgilandi. Dastlab 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan ushbu o'zgarishlar doirasida an'anaviy mehnat patentlari o'rniga maxsus identifikatsiya kartalari (ID-kartalar) joriy etiladi. Barcha ma'lumotlar Rossiya IIVning yangi raqamli reyestrlariga kiritib boriladi.
Islohot doirasida migrantlar uchun qo'shimcha maqsadli yig'imlar joriy qilinmoqda. Jumladan, vizasiz mamlakatlar fuqarolari uchun reyestrga kiritilish to'lovi 3 000 rubl, viza asosida kelganlar uchun esa 8 000 rublni tashkil etadi. Shuningdek, ish hududini o'zgartirish uchun 10 000 rubl, tashrif maqsadini o'zgartirish uchun esa 30 000 rubl miqdorida yig'im to'lash talab etiladi.
Ish beruvchilar uchun ham qator yangi majburiyatlar yuklanmoqda. Kompaniyalar xorijlik xodimlarning soni, ish o'rni va sharoitlarini oldindan belgilab qo'yishi shart. Mehnat shartnomalari qat'iy bir yil muddatga tuziladi. Agar kompaniya shtatida 15 nafardan ortiq xorijlik ishchi bo'lsa, ish beruvchi ularni turar joy bilan ta'minlashi majburiy hisoblanadi. Shuningdek, ish beruvchilar xorijlik xodimlarning genomik ro'yxatdan o'tishi va tibbiy xizmat xarajatlarini qoplashlari kerak.
Bundan tashqari, xorijlik xodim deportatsiya qilingan taqdirda, davlat tomonidan qilingan xarajatlarni qoplash majburiyati ham ish beruvchi zimmasiga yuklanadi. Jismoniy shaxslarga esa ko'pi bilan besh nafar migrantni yollashga ruxsat beriladi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, islohot muddatining ko'chirilishi normativ-huquqiy bazani mukammallashtirish va raqamli infratuzilmani sinovdan o'tkazish zarurati bilan bog'liq.









