22-oktabr kuni Rossiya Davlat Dumasi migratsiya sohasiga oid oltita qonun loyihasini ko'rib chiqib, ularni rad etdi. Ushbu tashabbuslar qabul qilingan taqdirda, Rossiyada ishlayotgan xorijlik fuqarolar va ularni ishga oluvchi korxonalar uchun tartiblar sezilarli darajada o'zgarishi mumkin edi.
Rad etilgan loyihalar orasida patent tizimini bekor qilib, faqat uyushgan holda ishga jalb qilish (orgnabor) modeliga o'tish taklifi ham bor edi. Shuningdek, vizasiz bo'lish muddatini bir yil ichida 90 kundan 30 kungacha qisqartirish, xorijliklarni rahbarlik lavozimlariga tayinlashga cheklovlar qo'yish hamda migratsiya hisobiga olishda mintaqaviy cheklovlar joriy etish kabi tashabbuslar ham qo'llab-quvvatlanmadi.
Bundan tashqari, deputatlar ish beruvchilar ustidan nazoratni kuchaytirish, xususan, qoidabuzarlik qilgan kompaniyalarni davlat xaridlaridan chetlatish taklifini rad etishdi. Shuningdek, tibbiy sug'urta polisini (DMS yoki OMS) majburiy qilish va uning yo'qligi uchun deportatsiya chorasini qo'llash bo'yicha kiritilgan qonun loyihasi ham qabul qilinmadi.
Ushbu qaror natijasida Rossiyadagi xorijlik mehnat migrantlari uchun hozirgi kunda amalda bo'lgan migratsiya qoidalari va ishlash tartibi o'zgarishsiz qolmoqda. Migrantlar avvalgi tartibda patent asosida faoliyat yuritishlari va belgilangan muddatlarda mamlakatda bo'lishlari mumkin.









