Rossiya hukumati iqtisodiyotning turli tarmoqlarida xorijlik fuqarolar mehnatidan foydalanishni cheklovchi yangi loyihani tayyorladi. Ushbu hujjat federal darajadagi limitlar va ayrim hududlar uchun maxsus taqiqlarni o'z ichiga oladi. Ish beruvchilar o'z korxonalaridagi xorijlik xodimlar sonini 2027-yil 1-yanvargacha yangi qoidalarga moslashtirishi shart.
Federal miqyosda belgilangan limitlarga ko'ra, qurilish va umumiy ovqatlanish sohalarida xorijlik ishchilar ulushi 50 foizgacha, sabzavotchilik, o'rmon xo'jaligi va yog'ochga ishlov berishda 40 foizgacha, yuk va yo'lovchi tashishda 24 foizgacha, binolarga xizmat ko'rsatishda 70 foizgacha hamda sport sohasida 25 foizgacha etib belgilanishi ko'zda tutilgan.
Shuningdek, ayrim hududlarda sohalar bo'yicha to'liq taqiqlar joriy etilmoqda. Xususan, taksi va yo'lovchi tashish xizmatlari Tatariston, Udmurtiya, Chuvashiya, Krasnodar o'lkasi, Novosibirsk, Kaluga, Tver, Tula, Orenburg, Ulyanovsk viloyatlari va Yahudiy muxtor viloyatida xorijliklar uchun yopiq bo'ladi. Yuk tashish sohasida ham Mordoviya, Udmurtiya, Chuvashiya, Krasnodar o'lkasi, Novosibirsk va Tver viloyatlarida cheklovlar o'rnatilmoqda.
Mudofaa sanoati, aviatsiya va uchuvchisiz qurilmalar ishlab chiqarishda Samara va Sverdlovsk viloyatlarida xorijliklar mehnatiga 0 foizlik to'liq taqiq joriy etilgan. Ta'lim sohasida esa Chuvashiya, Vologda, Kaluga va Orenburg viloyatlarida migrantlarning ishlashi taqiqlanmoqda. Qurilish sohasida hududlarga qarab limitlar 30 foizdan 80 foizgacha o'zgarib boradi.
Moskva shahri uchun alohida kvotalar belgilangan bo'lib, unga ko'ra sabzavotchilik, o'rmon xo'jaligi va yog'ochga ishlov berishda 50 foizlik, spirtli ichimliklar hamda tamaki mahsulotlari chakana savdosida esa 15 foizlik limit amal qiladi.









