SOS
Siyosat

Rossiyada migrantlar uchun yangi moliyaviy cheklovlar va nazorat choralari taklif etildi

Rossiyada migrantlar uchun yangi moliyaviy cheklovlar va nazorat choralari taklif etildi

Rossiya Davlat Dumasida federal byudjet loyihasini muhokama qilish jarayonida LDPR partiyasi vakillari migrantlarga ajratiladigan ijtimoiy yordam, nafaqalar va tibbiy xizmatlar xarajatlarini qayta ko'rib chiqishni taklif qildi. Partiya byudjet mablag'lari hisobidan migrantlarni ta'minlashga qarshi ekanligini bildirib, ustuvorlikni mahalliy aholiga qaratish zarurligini ta'kidladi.

Migrantlarning bandligini nazorat qilish va ularning daromadlarini "soya"dan chiqarish maqsadida yangi qonun loyihasi kiritildi. Unga ko'ra, xorijlik ishchilarga ish haqini faqat ularning shaxsiy bank hisobvaraqlari orqali to'lash majburiy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu chora ishchilarning haqiqiy daromadlarini kuzatish va soliq to'lovlarini nazorat qilishga qaratilgan.

Shuningdek, migrantlar tomonidan xorijga yuboriladigan pul o'tkazmalariga majburiy to'lov joriy etish tashabbusi ham ilgari surildi. Partiya vakillarining qayd etishicha, Rossiya iqtisodiyotining tashqi ishchi kuchiga bog'liqligini kamaytirish uchun korxonalarni robotlashtirish va mahalliy kadrlarni tayyorlashga ko'proq e'tibor qaratish lozim.

Ushbu takliflar byudjet loyihasini ikkinchi o'qishga tayyorlash jarayonida ko'rib chiqilishi kutilmoqda. Mazkur tashabbuslar qabul qilingan taqdirda, Rossiyada ishlayotgan xorijlik fuqarolarning daromadlarini olish tartibi va ijtimoiy ta'minot tizimida o'zgarishlar yuz berishi mumkin.

30.10.20261