Moskvada Rossiya Federatsiyasining migratsiya siyosati masalalariga bag'ishlangan yillik yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda Rossiya IIV rahbariyati va hududiy migratsiya bo'linmalari vakillari ishtirok etib, sohadagi kelgusi o'zgarishlarni muhokama qildilar.
Yig'ilishda ta'kidlanishicha, Rossiya hukumati xorijlik ishchilarni jalb qilishda «tashkiliy yollash» mexanizmini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu tizim ish beruvchilarning qonuniy talablarga rioya etishini ta'minlash hamda migrantlar va mahalliy aholi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Shuningdek, mamlakatda ishlamaydigan migrantlar oila a'zolari sonini qisqartirish masalasi ham kun tartibiga qo'yildi.
Nazoratni kuchaytirish maqsadida sun'iy intellektga asoslangan yangi tahliliy markaz ishga tushiriladi. U turli manbalardan olingan ma'lumotlarni birlashtirib, noqonuniy qonuniylashtirish sxemalari, jumladan, internet va davlat xizmatlari portali orqali sodir etiladigan qoidabuzarliklarni aniqlashga yordam beradi.
Bundan tashqari, transport tugunlarida migratsiya nazorati punktlari ko'paytiriladi. Rasmiylar noqonuniy vositachilik, navbatlarni sotish va korrupsiya holatlariga qarshi kurashni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Ushbu chora-tadbirlar Rossiyada mehnat faoliyatini yuritayotgan xorijlik fuqarolar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va nazorat tartiblarining yanada qat'iylashishini anglatadi.









