Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) 27-oktabr kuni xorijlik fuqarolarga ish haqini naqd pul ko'rinishida berishni taqiqlash bo'yicha qonun loyihasini Davlat Dumasiga taqdim etdi. Ushbu tashabbus migrantlarning daromadlarini to'liq nazorat qilish va soliq to'lovlarining shaffofligini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasiga ko'ra, ish beruvchilar xorijlik xodimlarning ish haqini faqat Rossiya kredit tashkilotlaridagi bank hisob raqamlariga o'tkazib berishlari shart bo'ladi. Bu orqali to'lovlar miqdori va muntazamligi bo'yicha hujjatli qaydlar yuritiladi, shuningdek, ish beruvchilarning soliq va sug'urta badallarini to'liq to'layotganini tekshirish imkoniyati yaratiladi.
Taklif etilayotgan qoidalar kuchga kirgan taqdirda, ular 2027-yilning 1-martidan e'tiboran amal qila boshlaydi. Partiya vakillarining ta'kidlashicha, ushbu chora ish beruvchilar tomonidan soliq to'lovlaridan qochish holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Ushbu o'zgarishlar tasdiqlangan taqdirda, Rossiyada ishlayotgan o'zbekistonlik mehnat migrantlari o'z ish haqlarini olish uchun Rossiya banklarida hisob raqamiga ega bo'lishlari va barcha hisob-kitoblarni bank tizimi orqali amalga oshirishlari talab etiladi.









