SOS
Siyosat

Rossiyada migratsiya siyosati va millatlararo munosabatlar nazorati kuchayishi mumkin

Rossiyada migratsiya siyosati va millatlararo munosabatlar nazorati kuchayishi mumkin

3-noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Millatlararo munosabatlar kengashi yig'ilishini o'tkazdi. Unda davlat rahbari mamlakat hududlarida millatlararo nizolarning oldini olish bo'yicha ishlar samaradorligini oshirish, jumladan, ushbu sohani kadrlar va moliyaviy resurslar bilan ta'minlash zarurligini ta'kidladi.

Yig'ilishda millatlararo munosabatlar sohasidagi asosiy muammolardan biri sifatida noqonuniy migratsiya masalasi qayd etildi. Ekspertlar xalqaro tajribaga tayanib, migratsiya siyosatini xavfsiz va Rossiyada ishlash istagida bo'lganlar uchun qulay shaklda qayta ko'rib chiqish hamda tartibga solish zarurligini bildirishdi.

Prezident Putin millatlararo munosabatlar sohasida zamonaviy va malakali mutaxassislarni tayyorlash muhimligini alohida ta'kidladi. Shuningdek, "Rossiya xalqlari birligi yili" doirasida boshlangan loyihalarni 31-dekabrdan keyin ham davom ettirish va ularning yangi formatlarini ishlab chiqish bo'yicha topshiriq berildi.

Mutaxassislarning fikricha, davlat organlari, xususan, Rossiya IIV va boshqa tegishli tuzilmalar tomonidan migratsiya oqimini nazorat qilish va ijtimoiy barqarorlikni saqlash bo'yicha choralar davom ettiriladi. Migrantlar uchun ushbu o'zgarishlar kelgusida hujjatlarni rasmiylashtirish va qonuniy ishlash tartiblarida yangi talablar yoki nazorat mexanizmlari joriy etilishi mumkinligini anglatadi.

03.11.20261