Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari mamlakatdagi oliy o'quv yurtlari, kollej va texnikumlarda tahsil olayotgan xorijlik fuqarolar uchun yangi moliyaviy talablar joriy etish tashabbusi bilan chiqdi. Partiya rahbari Leonid Slutskiyning ta'kidlashicha, ushbu chora ta'lim olish maqsadida Rossiyada bo'lish huquqini suiiste'mol qilayotgan shaxslar sonini kamaytirishga qaratilgan.
Taklifga ko'ra, o'qishga kirayotgan migrantlar o'zlarida butun o'quv davri uchun yetarli mablag' mavjudligini hujjatli tarzda tasdiqlashlari shart bo'ladi. Bu mablag'lar shaxsiy jamg'armalar, homiylik yordami yoki xarajatlarni o'z zimmasiga olgan tashkilot kafolati shaklida bo'lishi mumkin. Moliyaviy ta'minot hajmi ta'lim shartnomasidagi summa hamda yashash hududidagi yashash minimumi asosida hisoblanadi.
Ushbu tashabbus mualliflari fikricha, hozirgi kunda ayrim xorijliklar ta'lim olishni bahona qilib, aslida noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug'ullanmoqda va soliq to'lashdan qochmoqda. Yangi qoida joriy etilsa, bu ta'lim xizmatlari uchun to'lovlarni o'z vaqtida amalga oshirish va qarzdorlik holatlarining oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, LDPR avvalroq Rossiya maktablarining 10-11-sinflarida xorijliklar uchun ta'limni pullik qilish taklifini ham ilgari surgan edi. Mazkur qonun loyihasi 14-oktabr kuni Rossiya hukumatiga ko'rib chiqish uchun yuborilgan.









