Rossiyada vizasiz mamlakatlardan kelgan mehnat migrantlari uchun beriladigan patentlar soni 21 foizga kamaydi. Moskva hukumati huzuridagi Millatlar ishlari bo'yicha kengashning Migratsiya masalalari komissiyasi raisi Yuriy Moskovskiyning qayd etishicha, bu ko'rsatkich migrantlar oqimining haqiqiy qisqarishini anglatmasligi mumkin.
Ekspertning tushuntirishicha, patentlar sonidagi pasayish migrantlarning huquqiy maqomi o'zgargani bilan bog'liq bo'lishi ehtimoli yuqori. Ko'plab xorijlik ishchilar Rossiya fuqaroligini yoki vaqtincha yashash ruxsatnomasini (RVP) qo'lga kiritib, patent asosida ishlovchilar toifasidan chiqib ketgan bo'lishi mumkin. Hozirgi kunda ham O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston fuqarolari Rossiyadagi mehnat migrantlarining asosiy qismini tashkil etmoqda.
Rosstat ma'lumotlariga ko'ra, 2025-yil yakuniga kelib Rossiyada 91 ming nafar yuqori malakali xorijiy mutaxassis faoliyat yuritgan. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko'ra, Rossiyada mehnat qilish maqsadida bo'lgan xorijliklar soni 2 milliondan 2,2 million nafargacha yetgan. Shuningdek, mamlakatda 400 mingga yaqin talaba tahsil olayotgani qayd etilgan, bu o'tgan davrga nisbatan chorak baravarga ko'pdir.
Statistikaga ko'ra, vizali tartibda ishlayotgan xorijlik ishchilar soni 280 ming nafarni tashkil etadi. Bu umumiy migrantlar sonining 12–14 foiziga teng bo'lib, avvalgi 3 foizlik ko'rsatkichga nisbatan to'rt baravardan ortiq o'sish kuzatilgan.









