Rossiyada uch yil ichida 32 ta yangi migratsiya qonuni qabul qilindi

Rossiya Davlat dumasi 2024-yildan boshlab migratsiya sohasini tartibga soluvchi 32 ta federal qonunni qabul qildi. Ushbu o'zgarishlar noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish hamda Rossiyaga ish yoki o'qish maqsadida kelgan xorijliklarning qonunlarga rioya etishini ta'minlashga qaratilgan.
Joriy etilgan yangiliklardan biri — noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborish rejimi va nazorat ostidagi shaxslar reestri. Ushbu reestrga kiritilganlar ko'chmas mulk va avtomobil xarid qila olmaydi, kredit ololmaydi, nikohdan o'tolmaydi va mamlakat bo'ylab erkin harakatlana olmaydi. Shuningdek, 2027-yil 31-dekabrgacha davom etadigan eksperiment doirasida chegaralarda migrantlardan biometrik ma'lumotlar yig'ilmoqda.
Migrantlar uchun moliyaviy va huquqiy talablar ham kuchaytirildi. Yashash uchun ruxsatnoma (VNJ) olish boji 6000 rubldan 30 000 rublga oshirildi. Bepul tibbiy yordam olish uchun esa xorijlik fuqaro Rossiyada kamida besh yil qonuniy ishlagan bo'lishi shart. Bundan tashqari, noqonuniy migratsiyani tashkil etish o'ta og'ir jinoyat deb topilib, 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 5 million rublgacha jarima jazosi belgilandi.
Ta'lim va oilaviy masalalarda ham yangi tartiblar joriy etildi. Migrantlarning farzandlari maktabga qabul qilinishidan oldin rus tili bo'yicha testdan o'tishi va ularning Rossiyada bo'lishi qonuniyligi tekshirilishi shart. Shuningdek, soxta nikohlar va asrab olish holatlarining oldini olish maqsadida, endilikda RVP yoki VNJ hujjatlarini nikoh tuzilganidan yoki bola asrab olinganidan keyin kamida uch yil o'tgach olish mumkin bo'ladi.
Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish asoslari ham kengaytirilib, ularning soni 80 tadan oshdi. Bular qatoriga harbiy hisobga turish majburiyatini bajarmaslik, terrorizmga ommaviy da'vatlar va noqonuniy migratsiyani tashkil etish kabi holatlar kiritilgan. Mehnat migrantlari o'zlarini va oila a'zolarini ta'minlash uchun ma'lum darajada mablag' ajratishi, bolalari esa voyaga yetgach, Rossiyani tark etishi talab etiladi.








