Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi (Minsifry) ma'lumotlariga ko'ra, xorijdan olib kelingan va bojxona nazoratidan o'tmagan smartfonlar uchun IMEI kodini majburiy ro'yxatdan o'tkazish tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Ushbu qoida chet eldan shaxsan telefon olib kelgan yoki kontrafakt qurilma sotib olgan shaxslarga taalluqli bo'ladi.
Belgilangan muddat ichida ro'yxatdan o'tishdan bosh tortgan qurilmalar Rossiya mobil aloqa tarmoqlarida xizmat ko'rsatishdan uziladi. Qurilmani «Gosuslugi» portali orqali ikki hafta ichida ro'yxatdan o'tkazish imkoniyati yaratiladi. 2027-yil aprel oyiga qadar Rossiya tarmoqlarida ishlab turgan barcha qurilmalar ro'yxatdan o'tishdan qat'i nazar, o'z ish faoliyatini davom ettiradi. Rasmiy savdo nuqtalaridan xarid qilingan texnikalar esa bazaga avtomatik tarzda kiritiladi.
Ekspertlarning baholashicha, ushbu chora «kulrang» import bilan shug'ullanuvchi sotuvchilarning 70 foizigacha bozorini tark etishiga va ayrim smartfon modellari narxining 40 foizgacha qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, Rossiyada mobil raqamlar bo'yicha ham yangi cheklovlar amal qilmoqda. 2025-yil 1-noyabrdan boshlab xorijlik fuqarolar uchun barcha operatorlar hisobiga jami 10 ta raqam rasmiylashtirish limiti belgilangan. Ushbu limitdan ortiqcha raqamlarga ega foydalanuvchilarning SIM-kartalari bloklanishi mumkin.









