Chelyabinsk shahar dumasi harbiy xizmat shartnomasini imzolashga ko'maklashgan shaxslar uchun yangi rag'batlantirish tizimini tasdiqladi. Unga ko'ra, Chelyabinsk tanlov punktlari orqali Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan har bir yangi harbiy xizmatchi uchun vositachiga 115 ming rubl miqdorida mukofot puli to'lanadi.
Shahar meriyasi tomonidan tasdiqlangan tartibga asosan, ushbu to'lovlar shahar budjeti hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, yangi xizmatchini tanlov punktiga yetkazib berish bilan bog'liq xarajatlar uchun 85 ming rublgacha kompensatsiya ajratilishi ko'zda tutilgan. Ushbu imkoniyatdan harbiy komissariat xodimlari bo'lmagan Rossiya Federatsiyasining voyaga yetgan fuqarolari foydalanishlari mumkin.
Qayd etilishicha, mukofot puli yangi xizmatchi harbiy qismga rasman qabul qilinganidan so'ng to'lab beriladi. Mazkur tartib nafaqat mahalliy aholini, balki boshqa hududlardan kelgan shaxslar hamda xorijlik fuqarolarni harbiy xizmatga jalb qilish holatlariga ham tatbiq etiladi.
Rasmiylar ushbu jarayon bilan bog'liq firibgarlik holatlaridan ogohlantirmoqda. Harbiy xizmat shartnomasi va unga oid to'lovlar bilan bog'liq har qanday takliflar qonunchilik doirasida va rasmiy organlar orqali amalga oshirilishi lozim.









