Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari Rossiyada doimiy yashovchi xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi bo'lmagan shaxslar uchun ijtimoiy qarilik pensiyalarini bekor qilish tashabbusi bilan chiqdi. Partiya raisi Leonid Slutskiyning 26-sentabr kuni ma'lum qilishicha, tegishli qonun loyihasi Rossiya hukumati ko'rib chiqishi uchun yuborilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko'ra, Rossiyada 15 yil davomida doimiy yashagan xorijliklar belgilangan yoshga yetganda ijtimoiy pensiya olish huquqiga ega. Taklif etilayotgan o'zgarishlar «Rossiya Federatsiyasida davlat pensiya ta'minoti to'g'risida»gi qonundan ushbu normani chiqarib tashlashni nazarda tutadi. Qonun loyihasi mualliflari pensiya olish huquqini faqat Rossiya fuqaroligi bilan bog'lashni maqsad qilgan.
Agar ushbu tashabbus qabul qilinsa, yangi tartib 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilmoqda. Hujjatda qayd etilishicha, qonun kuchga kirgunga qadar pensiya olish huquqiga ega bo'lgan shaxslar uchun to'lovlar to'xtatilmaydi va ular belgilangan asoslar tugagunga qadar saqlab qolinadi.
LDPR vakillarining ta'kidlashicha, ushbu chora federal budjet xarajatlarini optimallashtirish va pensiya tizimini yanada manzilli qilishga xizmat qiladi. Partiya, shuningdek, pensiya hisoblash tizimini o'zgartirish, minimal pensiya miqdorini oshirish va yillik indeksatsiya qilish bo'yicha ham bir qator takliflarni ilgari surmoqda.









