SOS
Siyosat

Rossiyaga ish izlab kelgan o'zbekistonliklar soni 1,5 milliondan oshdi

Rossiyaga ish izlab kelgan o'zbekistonliklar soni 1,5 milliondan oshdi

2026-yilning yanvar-sentyabr oylari davomida Rossiyaga ishlash maqsadida kirib kelgan xorijliklar orasida O'zbekiston fuqarolari birinchi o'rinni egalladi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, ushbu davrda 1 535 026 nafar o'zbekistonlik Rossiya chegarasini kesib o'tgan. O'tgan yilning mos davrida bu ko'rsatkich 1 771 406 nafarni tashkil etgan edi, ya'ni joriy yilda migrantlar soni 236 380 nafarga yoki taxminan 13,3 foizga kamaygan.

Mehnat muhojirlari soni bo'yicha yetakchi davlatlar ro'yxatida Tojikiston (665 892 nafar) ikkinchi, Qirg'iziston (289 061 nafar) uchinchi o'rinni egalladi. Shuningdek, beshlikka Qozog'iston (176 037 nafar) va Xitoy (127 176 nafar) kirdi. Ro'yxatning keyingi o'rinlaridan Armaniston, Ozarbayjon, Hindiston, Turkmaniston va Turkiya fuqarolari joy olgan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning to'qqiz oyi davomida xorijliklarga nisbatan 1,8 millionga yaqin ma'muriy huquqbuzarlik bayonnomasi tuzilgan. Shu vaqt oralig'ida 143,1 ming nafar chet el fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborish to'g'risida qaror qabul qilingan, 4,8 ming kishi esa majburiy tartibda deportatsiya qilingan.

Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 1-oktyabr holatiga ko'ra Rossiyada 6,5 millionga yaqin xorijlik bo'lgan. Shu bilan birga, rasman mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan migrantlar ulushi o'tgan yilga nisbatan 45 foizdan 50 foizgacha oshgan.

16.11.20261