SOS
Siyosat

Rossiyaning 10 ta hududida xorijlik ishchilar uchun cheklovlar kuchaytirilishi mumkin

Rossiyaning 10 ta hududida xorijlik ishchilar uchun cheklovlar kuchaytirilishi mumkin

Rossiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi mamlakatning 10 ta hududida xorijlik ishchilar uchun ruxsat etilgan ulushni kamaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu o'zgarishlar Mordoviya, Tatariston, Chuvashiya respublikalari, Krasnodar o'lkasi, shuningdek, Vologda, Kaluga, Novosibirsk, Orenburg, Sverdlovsk va Tula viloyatlariga taalluqli bo'lishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, yana 8 ta Rossiya subyektida migrantlar faoliyatiga nisbatan ilk bor cheklovlar joriy etilishi kutilmoqda. Xususan, Tataristonda moliya va sug'urta faoliyati, veterinariya, qo'riqlash xizmatlari, taksi, xavfli yuklarni tashish hamda kompyuterlarni ta'mirlash sohalarida xorijlik ishchilar ulushini nolga tushirish taklif qilingan. Kaluga viloyatida esa kuryerlik xizmati, transport va jihozlarni ijaraga berish faoliyatida xorijliklar ishlashiga cheklovlar o'rnatilishi mumkin.

Mehnat vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, mazkur hujjatda 2026-yil uchun belgilangan hududiy xususiyatlarni 31 ta subyektda saqlab qolish ham ko'zda tutilgan. Ushbu takliflar tasdiqlangan taqdirda, migrantlar uchun yuqorida sanab o'tilgan sohalarda ishlash imkoniyatlari cheklanishi yoki butunlay taqiqlanishi mumkin.

Rossiyada mehnat faoliyatini yuritayotgan vatandoshlarimizdan o'zlari ishlayotgan hududlardagi qonunchilikdagi o'zgarishlarni kuzatib borish va faoliyat yuritayotgan sohalarida cheklovlar mavjudligini tekshirib ko'rish tavsiya etiladi.

23.09.20261