Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin tomonidan imzolangan yangi qarorga ko'ra, 2027-yil 1-yanvardan 31-dekabrgacha viloyat hududida patent asosida mehnat qilayotgan xorijlik fuqarolarni ayrim iqtisodiy sohalarga jalb qilish taqiqlanadi. Ushbu cheklovlar mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan bo'lib, mintaqadagi mehnat bozori faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.
2027-yildan boshlab migrantlar uchun yangi taqiqlangan yo'nalishlar qatoriga elektr energiyasi, gaz va bug' bilan ta'minlash, konditsioner tizimlarini ishlatish, suvni tozalash va taqsimlash, oqava suvlarni qayta ishlash hamda yuk tashish xizmatlari kiritildi. Ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan xorijlik ishchilar kelasi yildan boshlab o'z ish joylarini o'zgartirishlariga to'g'ri keladi.
Eslatib o'tamiz, Saratov viloyatida avvalroq ham bir qator sohalarda cheklovlar o'rnatilgan edi. Xususan, migrantlarga taksi va jamoat transportida yo'lovchi tashish, kuryerlik xizmatlari, umumiy ovqatlanish, ta'lim, sog'liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar hamda harbiy xavfsizlik va ijtimoiy ta'minot bilan bog'liq davlat boshqaruvi organlarida ishlash taqiqlangan.
Ushbu o'zgarishlar Saratov viloyatida mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha xorijlik ishchilar uchun tegishli. Ish beruvchilar va xodimlar 2027-yil 1-yanvarga qadar ushbu yangi tartib-qoidalarga moslashishlari hamda mehnat shartnomalarini qonunchilik talablariga muvofiq qayta ko'rib chiqishlari tavsiya etiladi.









