"Sivilizatsiyalashgan migratsiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik Rossiya iqtisodiyotini mustahkamlaydi"

Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov Markaziy Osiyo davlatlaridan kelayotgan mehnat migrantlari Rossiya iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. Vazirning so'zlariga ko'ra, xorijlik ishchilar nafaqat ishchi kuchi sifatida, balki ichki talabni shakllantirishda ham faol ishtirok etmoqda.
Reshetnikov migrantlarning o'z vatanlariga yuborayotgan mablag'lari ham iqtisodiy jarayonlarning ajralmas qismi ekanini qayd etdi. Uning ta'kidlashicha, «sivilizatsiyalashgan migratsiya» formati Rossiya bozori uchun foydali bo'lib, migrantlar nafaqat qishloq xo'jaligi, balki iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o'z hissasini qo'shmoqda.
Shuningdek, vazir ta'lim va til integratsiyasining ahamiyatiga to'xtalib o'tdi. Xususan, rus tilini bilish va ta'lim sohasidagi hamkorlik kadrlar tayyorlash hamda ularni Rossiya mehnat bozoriga jalb qilishda asosiy omil bo'lib xizmat qilmoqda. Qirg'iziston misolida ko'rsatilganidek, bu kabi hamkorlik aloqalari ikki tomonlama iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi.
Maksim Reshetnikovning fikricha, Rossiya iqtisodiyotining barqaror o'sishini migratsiyasiz va qo'shimcha kadrlarni jalb qilmasdan ta'minlash qiyin. Shu bois, davlat oldida turgan asosiy vazifalardan biri — zarur kadrlarni jalb qilish va ularni ushlab qolish bo'yicha tizimli ishlarni yo'lga qo'yishdan iborat.








