SOS
Siyosat

Sudlangan xorijliklarning Rossiya oliygohlarida o'qishiga taqiq joriy etilishi mumkin

Sudlangan xorijliklarning Rossiya oliygohlarida o'qishiga taqiq joriy etilishi mumkin

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) tomonidan taqdim etilgan yangi qonun loyihasi Rossiya oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalariga kirishni istagan xorijliklar uchun yangi cheklovlarni belgilashni taklif qilmoqda. 14-noyabr kuni e'lon qilingan hujjatga ko'ra, sudlanganligi olib tashlanmagan yoki so'ndirilmagan xorijiy fuqarolarning o'qishga qabul qilinishi taqiqlanishi mumkin.

Qonun loyihasi hayot va sog'liqqa qarshi, jinsiy daxlsizlik, jamoat xavfsizligi hamda jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qat'iy talablarni o'z ichiga oladi. Ushbu shaxslar uchun Rossiyaga o'qish maqsadida kirish uchun taklifnoma rasmiylashtirish ham taqiqlanishi ko'zda tutilgan. Agar talaba o'qish davrida jinoyat sodir etsa yoki uning ilgari sudlangani aniqlansa, ta'lim shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinadi.

LDPR yetakchisi Leonid Slutskiyning ta'kidlashicha, mazkur tashabbus jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Partiya vakillari ta'lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlarning o'tmishini tekshirish mexanizmini kuchaytirishni taklif qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiyaga bo'lgan xayrixohligi uchun o'z vatanida ta'qibga uchragan shaxslar uchun Ichki ishlar vazirligi tomonidan maxsus tekshiruvdan o'tish tartibi joriy etilishi mumkinligi aytib o'tilgan.

Ushbu qonun loyihasi hozircha taklif bosqichida bo'lib, u qabul qilingan taqdirda, Rossiyada ta'lim olayotgan yoki o'qishga kirishni rejalashtirayotgan xorijliklar uchun sudlanmaganlik to'g'risidagi ma'lumotnomalarni taqdim etish majburiy shartga aylanishi kutilmoqda.

14.11.20264