Rossiya Mehnat vazirligi Tatariston hududida xorijlik ishchilar faoliyatini cheklash bo'yicha yangi loyihani tayyorlamoqda. Unga ko'ra, taksi xizmati, xavfli yuklarni tashish, moliya va sug'urta, veterinariya hamda kompyuter va maishiy texnikani ta'mirlash sohalarida xorijlik ishchilar ulushini nolga tushirish ko'zda tutilgan.
Ta'kidlash joizki, ushbu taqiqlar Tataristonda yangilik emas. Respublikada patent asosida ishlayotgan xorijliklar uchun taksi va boshqa qator sohalarda ishlash 2025-yildan buyon mahalliy farmon bilan taqiqlangan edi. Hozirgi jarayon respublika qoidalarini federal hujjatga moslashtirishdan iborat.
Ushbu cheklovlar yashash guvohnomasi (VNJ), vaqtincha yashash ruxsatnomasi (RVP)ga ega bo'lgan shaxslarga hamda yuqori malakali mutaxassislarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Qolgan toifadagi migrantlar uchun esa mazkur sohalarda ishlash taqiqlanganligicha qoladi.
Mutaxassislarning fikricha, haydovchilar sonining kamayishi taksi xizmatlari narxining oshishiga va mashina kutish vaqtining uzayishiga olib kelishi mumkin. Vaziyatni yumshatish maqsadida Rossiya Transport vazirligi 2026-yil fevralidan buyon shaxsiy avtomobillarda ishlash uchun soddalashtirilgan tartibni joriy etish bo'yicha qonun loyihasi ustida ishlamoqda.









