SOS
Siyosat

Tomskdagi migrantlar: qonunchilikdagi yangi talablar va javobgarlik haqida ogohlantirildi

Tomskdagi migrantlar: qonunchilikdagi yangi talablar va javobgarlik haqida ogohlantirildi

Tomsk shahridagi Migratsiya markazida viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Migratsiya masalalari boshqarmasi rahbarlari va milliy-madaniy birlashmalar vakillari o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbirda xorijlik fuqarolarning Rossiya hududida bo'lishi va ishlashi bilan bog'liq qonunchilikdagi asosiy talablar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida migrantlarga Rossiya fuqaroligini olish, migratsiya hisobiga turish hamda mehnat faoliyatini yuritish tartiblari yana bir bor eslatib o'tildi. Xususan, majburiy barmoq izlarini topshirish va suratga tushish tartib-qoidalari, shuningdek, ularni o'z vaqtida bajarish muddatlariga rioya qilish zarurligi ta'kidlandi. Qonunbuzarliklar uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik choralari haqida batafsil ma'lumot berildi.

Shuningdek, yig'ilishda Tomsk viloyatida xorijiy ishchi kuchini jalb qilish bo'yicha joriy etilgan cheklovlar, rus tili, tarixi va qonunchiligi bo'yicha imtihon talablarining kuchaytirilganligi hamda Rossiya Qurolli Kuchlarida shartnoma asosida xizmat qilish imkoniyatlari haqida so'z bordi.

Yakunda mas'ullar diasporalar vakillariga xorijlik fuqarolar o'rtasida tushuntirish ishlarini olib borishni tavsiya qildilar. Bunda, ayniqsa, boshqa xalqlarning urf-odatlari va turmush tarziga hurmat bilan munosabatda bo'lish, millatlararo hamda dinlararo nizolarning oldini olish masalalariga alohida e'tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

13.09.20261