O'zbekiston xorijiy davlatlar bilan mehnat migratsiyasi bo'yicha hamkorlik ko'lamini 3 tadan 27 tagacha kengaytirdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev o'tkazgan yig'ilishda ma'lum qilindi. Xorijda ishlash istagida bo'lgan fuqarolarni maqsadli kasbiy va tilga o'qitish tizimini takomillashtirish bo'yicha yangi vazifalar belgilandi.
Joriy yilda 34 ta davlatda 287 ming nafar fuqaroni ish bilan ta'minlash imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Endilikda xorijdagi bo'sh ish o'rinlari, mutaxassislarga qo'yiladigan talablar, til bilish darajasi va o'qish imkoniyatlari to'g'risidagi ma'lumotlar bevosita mahallalar darajasida fuqarolarga yetkazib boriladi. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari faoliyati orqali xorijga ishga joylashganlar soni so'nggi ikki yilda 5 barobarga oshgani ta'kidlandi.
Yuqori maoshli ish o'rinlariga ega bo'lish uchun xorijiy tillarni bilish muhimligi inobatga olinib, kelgusi yilda har bir hududda yagona mehnat migratsiyasi markazlari ochiladi. Har bir viloyatga ushbu maqsadlar uchun 8 milliard so'mdan mablag' ajratiladi. Shuningdek, 20 ta texnikum tanlab olinib, ularning ta'lim dasturlari xorijiy ish beruvchilar talablariga moslashtiriladi va tadbirkorlar boshqaruviga beriladi. Bu bazada har yili kamida 30 ming nafar malakali mutaxassis tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, xorijda qiyin ahvolda qolgan vatandoshlarga yordam berish uchun "Onlayn-mahalla" platformasi ishga tushirildi. Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta'minlash ham ustuvor vazifa etib belgilandi: yil yakuniga qadar 250 ming nafar qaytgan fuqaroni munosib ish bilan ta'minlash va tadbirkorlikka jalb etish ko'zda tutilgan.









