2026-yilning o'tgan 9 oyi davomida xorijda ishlash uchun ketayotgan fuqarolarning sarf-xarajatlarini qoplash maqsadida jami 12,3 mlrd so'm miqdorida kompensatsiya mablag'lari ajratildi. Ushbu yordam Vazirlar Mahkamasining 252-son qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, hisobot davrida 4 103 ta ishchi vizasi uchun 7 mlrd 715 mln so'm, 3 981 ta yo'l chiptasi uchun 3 mlrd 264 mln so'm hamda 4 523 nafar fuqaroning hayot va sog'liq sug'urtasi uchun 1 mlrd 244 mln so'm mablag' ajratilgan. Shuningdek, 30 nafar fuqaroning til yoki kasb imtihonlari uchun 34,9 mln so'm kompensatsiya qilingan.
Ushbu imkoniyatdan foydalanishni istagan fuqarolar "XORIJDA ISH" platformasi orqali ro'yxatdan o'tishlari va tegishli hujjatlarni yuklashlari lozim. Kompensatsiya olish tartibi va ariza topshirish jarayoni haqida platformadagi video yo'riqnomalar orqali batafsil ma'lumot olish mumkin.









