SOS
Siyosat

Xorijdagi ish staji O'zbekistonda pensiya hisobiga o'tishi rejalashtirilmoqda

Xorijdagi ish staji O'zbekistonda pensiya hisobiga o'tishi rejalashtirilmoqda

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijda qonuniy mehnat qilayotgan fuqarolarning pensiya ta'minoti masalasiga to'xtaldi. Bugungi kunda yurtdoshlarimiz 40 dan ortiq davlatda ishlab, soliqlar bilan bir qatorda pensiya badallarini ham to'lab kelmoqda. Biroq, ularning xorijdagi ish staji Vatanga qaytganidan so'ng pensiya tayinlashda to'liq hisobga olinmayotgani muammo bo'lib qolmoqda.

Davlat rahbari ushbu masalani hal etish bo'yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Joriy yilda Qirg'iziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan ish staji va pensiya huquqini o'zaro tan olish bo'yicha bitimlar imzolangan bo'lsa, endilikda Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Koreya, Boltiqbo'yi va Bolqon davlatlari bilan ham xuddi shunday kelishuvlarga erishish topshirildi. Mas'ul idoralarga muzokaralarni jadallashtirib, yil yakuniga qadar aniq natijalarga erishish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, yig'ilishda migratsiyadan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta'minlash masalasi ham ko'rib chiqildi. Yil boshidan buyon 1 million 116 ming kishi xorijdan qaytgan. Ularning kasbi va ish staji aks etadigan maxsus platforma yaratilib, hokimlar va tarmoq rahbarlari foydalanadigan tizimga ulanadi. Yil yakunigacha qaytgan 250 ming kishini ish bilan ta'minlash yoki tadbirkorlikka yo'naltirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, kelgusi yildan fuqarolarni chet elga ishga yuborish vazifasi xususiy bandlik agentliklariga o'tkazilishi hamda xorijda muammoga duch kelganlar uchun "Onlayn mahalla" platformasi orqali yordam so'rash imkoniyati yaratilishi ma'lum qilindi.

02.11.20260