O'zbekiston Migratsiya agentligi tomonidan 2026-yilning o'tgan 9 oyi davomida xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, ish beruvchilar tomonidan to'lanmay qolgan ish haqi va turli kompensatsiyalar masalasida 817 nafar fuqaroning murojaatlari ijobiy hal etildi.
Ko'rilgan choralar natijasida xorijlik ish beruvchilardan jami 850 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag'lar undirib berildi. Ushbu holatlarning 533 tasi Rossiya Federatsiyasi, 155 tasi Turkiya, 92 tasi Koreya Respublikasi va 37 tasi boshqa davlatlar hissasiga to'g'ri keladi.
Shuningdek, ushbu davr mobaynida 532 nafar o'zbekistonlik migrantning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari vositachilar va xorijiy ish beruvchilardan qaytarib olindi. Hujjatlarni qaytarish bo'yicha eng ko'p holatlar Rossiya Federatsiyasida (331 ta) va Turkiyada (185 ta) qayd etilgan.
Agar siz ham xorijda ishlash davrida mehnat huquqlaringiz buzilishi yoki hujjatlaringiz bilan bog'liq muammolarga duch kelsangiz, 1282 qisqa raqami yoki @huquqiyyordamuzbot Telegram boti orqali 24/7 rejimida murojaat qilishingiz mumkin.









