O'zbekistonda xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish tartibining soddalashtirilishi natijasida so'nggi ikki yilda ularning soni uch baravar ko'paydi. Ushbu agentliklar orqali xorijga ishga ketgan fuqarolar soni esa besh barobarga oshdi. Shunga qaramay, sohada korrupsiya va fuqarolarni aldash kabi muammolar ham kuzatilgani qayd etildi.
Kelasi yildan boshlab fuqarolarni xorijga ishga yuborish vazifasi faqat eng ishonchli deb topilgan xususiy agentliklarga to'liq topshiriladi. Agentliklar faoliyatini shaffoflashtirish maqsadida ularning reytingi yuritiladi. Fuqaroning kafolatli ish o'rni, huquqlarining himoyasi va ijtimoiy ta'minoti asosiy mezon etib belgilanadi.
Shuningdek, yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun agentlikka 1,5 million so'm miqdorida rag'batlantirish puli to'lanishi ko'zda tutilgan. Yoshlarni xorijiy mehnat bozoriga tayyorlash uchun texnikumlar binolaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Prezident topshirig'iga ko'ra, bir oy muddatda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha qaror loyihasi ishlab chiqiladi. Ushbu faoliyat ijtimoiy xizmat sifatida qayta ko'rib chiqilib, soliq tizimini soddalashtirish choralari ko'riladi.









