SOS
Mehnat

Peterburgda savdo sohasida ishlash taqiqlangan migrantlar uchun yangi ish o'rinlari

Peterburgda savdo sohasida ishlash taqiqlangan migrantlar uchun yangi ish o'rinlari

Sankt-Peterburg shahar hokimiyati xorijlik ishchilar uchun savdo va boshqa qator sohalarda ishlash taqiqlanganidan so'ng, ularni shahar hududlarini tozalash ishlariga jalb etishni ko'zlamoqda. Bu haqda shahar vitse-gubernatori Yevgeniy Razumishkin ma'lum qildi. Rasmiyning so'zlariga ko'ra, shahar ma'muriyati ishchi kuchi oqimi bo'yicha turli ssenariylarga tayyorlanmoqda, biroq migrantlarning ommaviy ravishda kommunal sohaga o'tishi kutilmayapti.

Shahar xizmatlari xorijlik xodimlarni jalb qilish maqsadida ish haqini oshirishni rejalashtirmoqda. Xususan, 2027-yil 1-yanvardan boshlab farroshlar (dvorniklar) 77 ming rubl, mexanizatorlar esa 112 ming rubl miqdorida oylik maosh olishi belgilangan. Shuningdek, xodimlarni ish bilan ta'minlash uchun xizmat turar joylari ham taklif etilmoqda. Hozirgi kunda sohadagi 1300 dan ortiq ishchi maxsus xonalar yoki kvartiralar bilan ta'minlangan.

Eslatib o'tamiz, Sankt-Peterburgda mehnat patenti asosida ishlaydigan xorijliklar uchun taqiqlangan sohalar ro'yxati kengaytirildi. Cheklovlar chakana savdo, ayrim tibbiy xizmatlar va go'zallik sohasini qamrab olgan. Ish beruvchilar uchun ushbu o'zgarishlarga moslashish maqsadida 2026-yil 15-dekabrgacha o'tish davri belgilangan.

Avvalroq shahar hukumati taksi va kuryerlik xizmatlarida patent asosida ishlash taqiqlanganidan keyin ham migrantlarni farroshlik ishlariga jalb etishga uringan edi. Biroq rasmiylarning qayd etishicha, o'sha vaqtda kutilganidek ishchi kuchi oqimi kuzatilmagan.

26.10.20261