O'zbekiston Migratsiyasi agentligi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning bahor mavsumida o'zbekistonlik fuqarolarni AQShga mavsumiy ishlarga yuborish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi birinchi guruh ishchilarni AQShdagi qishloq xo'jaligi mavsumiga sifatli tayyorlashdan iborat.
Nomzodlar uchun maxsus 12 haftalik o'quv dasturi ishlab chiqilishi ko'zda tutilgan. Dastur doirasida ishtirokchilar ingliz tilini o'rganishlari, shuningdek, qishloq xo'jaligi texnikasini boshqarish, uskunalariga texnik xizmat ko'rsatish va ularni ta'mirlash, payvandlash hamda mehnat xavfsizligi qoidalari bo'yicha amaliy ko'nikmalarga ega bo'lishlari kerak bo'ladi.
Ta'kidlanishicha, nomzodlarni saralash va ularni o'qitish jarayoni AQShdagi ish beruvchilardan aniq buyurtmalar olingandan hamda tanlov mezonlari tasdiqlangandan so'ng boshlanadi. Fuqarolardan rasmiy xabarlarni kuzatib borish va talab etiladigan malakalarni oshirishga e'tibor qaratish so'raladi.









