Belarusning Vitebsk viloyati gubernatori Aleksandr Rogojnik mamlakat rahbariyatiga bergan hisobotida o‘zbekistonlik mutaxassislarning qishloq xo‘jaligi korxonalaridagi faoliyatiga ijobiy baho berdi. Qayd etilishicha, ayni damda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz o‘z ishlarida samarali natijalar ko‘rsatmoqda.
Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, Belarusga O‘zbekistondan yana 5 ming nafar ishchini jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Rejaga ko‘ra, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab har oy 500 nafardan fuqaro tashkiliy tarzda Belarusdagi qishloq xo‘jaligi korxonalariga ishga yuboriladi.
Ushbu jarayon O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda. Fuqarolarga xavfsiz va qonuniy ish o‘rinlarini taqdim etish maqsadida tashkiliy migratsiya mexanizmlaridan foydalanilmoqda.









