O'zbekiston Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Uning o'rniga Yaponiyadagi sobiq elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov tayinlandi. Bu o'zgarish agentlik atrofidagi bir qator korrupsion mojarolar va mehnat migrantlari uchun joriy etilgan noqulay shartlar fonida yuz berdi.
Eng muhim yangiliklardan biri — Janubiy Koreyaga E-9 vizasi bilan ketayotgan fuqarolar bilan tuziladigan shartnomalarga o'zgartirish kiritildi. Avvalroq, ish joyini o'zgartirgan migrantlardan har oy 2000 dollar jarima undirishni nazarda tutuvchi bandlar kiritilgan edi. Koreyalik huquq faollari ushbu shartni ishchilarni iqtisodiy qaramlikka soluvchi omil deb tanqid qilgan edi. Behzod Musayev ishdan olinganidan ko'p o'tmay, agentlik ushbu jarima va ish joyini o'zgartirish uchun oldindan rozilik olish talabini shartnomadan olib tashladi.
Behzod Musayevning faoliyati davomida agentlik atrofida bir qator shov-shuvlar kuzatildi. Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Departament agentlikda 1 mlrd so'mdan ortiq mablag' talon-toroj qilinganini fosh etgan. Shuningdek, Koreyaga ishga yuborish bilan bog'liq korrupsion sxemalar va amalda ishlamagan xodimlarga oylik maosh yozilgani haqidagi iddaolar tekshirilmoqda.
Bundan tashqari, Behzod Musayev davrida AQSH va Kanadaga ishchi kuchi yuborish bo'yicha e'lon qilingan loyihalar ham jamoatchilik e'tiborini tortgan edi. Biroq, hozirgi kunga qadar ushbu mamlakatlarga o'zbekistonlik fuqarolarning rasmiy ravishda ishga yuborilgani haqida ma'lumotlar mavjud emas. Hozirda sobiq rahbarning keyingi ish joyi haqida rasmiy xabar berilmagan.









