SOS
Mehnat

O'zbekistonlik mutaxassislar Vladivostokda ishga taklif etilmoqda

O'zbekistonlik mutaxassislar Vladivostokda ishga taklif etilmoqda

Vladivostok shahri ma'muriyati o'zbekistonlik mutaxassislarni shahardagi korxona va tashkilotlarga uyushgan holda ishga jalb etish bo'yicha hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Bu haqda O'zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari hamda shahar meri vazifasini bajaruvchi Kirill Xijinskiy o'rtasida o'tkazilgan uchrashuvda so'z bordi.

Uchrashuv davomida tomonlar mehnat migratsiyasi masalalarini muhokama qildilar. Kirill Xijinskiy O'zbekiston fuqarolarini ishga qabul qilish jarayonida yaqindan hamkorlik qilish va bu borada amaliy yordam ko'rsatishga qiziqish bildirdi. O'z navbatida, Bosh konsulxona vakillari O'zbekiston hukumati tomonidan xorijda ishlayotgan vatandoshlarni ijtimoiy, huquqiy va moddiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha ko'rilayotgan choralar, shuningdek, xavfsiz va qonuniy ishga joylashish mexanizmlari haqida ma'lumot berdilar.

Uchrashuv yakunlariga ko'ra, Vladivostokning tegishli tashkilotlari O'zbekiston Bosh konsulxonasiga rasmiy so'rov xatini yuborishga kelishib oldilar. Ushbu so'rov o'zbekistonlik fuqarolarni ishga joylashtirish va ushbu sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini qamrab oladi.

Ushbu tashabbus Rossiyada qonuniy asosda ishlashni rejalashtirayotgan o'zbekistonliklar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Uyushgan mehnat migratsiyasi mexanizmlari migrantlarning huquqiy himoyasini ta'minlash va ularning xavfsiz ish sharoitlarida faoliyat yuritishiga qaratilgan.

16.11.20263