Rossiya qonunchiligiga ko'ra, o'smirlar 16 yoshdan, ayrim hollarda esa 14-15 yoshdan boshlab mehnat faoliyatini boshlashlari mumkin. Biroq, xorijiy fuqarolar uchun bu jarayon o'ziga xos huquqiy talablarga ega.
Asosiy qoida shundaki, ota-onaning mehnat patenti ularning farzandlariga nisbatan amal qilmaydi. Mehnat patentini faqat 18 yoshga to'lgandan keyingina mustaqil ravishda rasmiylashtirish mumkin. Shu sababli, patent asosida ishlovchi migrantlarning voyaga yetmagan farzandlari ushbu hujjat bilan ishga joylasha olmaydilar.
Biroq, ayrim toifadagi voyaga yetmaganlar uchun istisnolar mavjud. Xususan, Rossiyada vaqtincha yashash ruxsatnomasi (RVP) yoki doimiy yashash ruxsatiga (VNJ) ega bo'lgan o'smirlar, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a'zo davlatlar fuqarolari (masalan, Qirg'iziston va Qozog'iston) patent talab qilinmasdan ishga kirishlari mumkin.
Ish beruvchilar voyaga yetmagan xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzishda Rossiya Mehnat kodeksiga qat'iy rioya qilishlari shart. Qonunga ko'ra, yoshlar uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi. Shuningdek, ularni tungi vaqtda, belgilangan me'yordan ortiqcha yoki sog'liq uchun xavfli bo'lgan sharoitlarda ishlatish qat'iyan taqiqlanadi.









