Sverdlovsk viloyati Sog'liqni saqlash vazirligi xorijlik tibbiyot mutaxassislari uchun hududda ishlash va malaka oshirish shartlarini ma'lum qildi. Unga ko'ra, davlat tibbiyot tashkilotlarida ishlayotgan xorijlik shifokorlar federal va mintaqaviy qonunchilikda nazarda tutilgan ijtimoiy qo'llab-quvvatlash choralaridan, jumladan, "Zemskiy doktor" yoki "Zemskiy feldsher" dasturlaridan foydalanish huquqiga ega.
Ta'lim olish masalasida Rossiya Federatsiyasi Hukumatining 2024-yil 27-apreldagi 555-sonli qaroriga binoan, xorijliklar bilan maqsadli ta'lim shartnomalarini tuzish nazarda tutilmagan. Biroq, ular uchun pullik asosda shartnoma asosida o'qish yoki xorijlik talabalar uchun ajratilgan kvotalardan foydalanish imkoniyati mavjud. Shuningdek, 2017-yil 21-dekabrdagi 970-PP-sonli mintaqaviy qarorga muvofiq, xorijliklar viloyat budjeti hisobidan mutaxassislik va ordinatura dasturlari bo'yicha ta'lim olishlari mumkin. Buning uchun nomzod, vazirlik, oliy o'quv yurti va tibbiyot muassasasi o'rtasida to'rt tomonlama shartnoma tuzilishi hamda nomzodda tegishli ta'lim darajasi bo'lishi talab etiladi.
O'qishga kirish jarayoni ochiq tanlov asosida, ya'ni Yagona davlat imtihoni (EGE) yoki ichki imtihon natijalariga ko'ra amalga oshiriladi. Shu sababli, sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan xorijlik kadrlarni jalb qilish bo'yicha maxsus reja yoki kvotalar belgilanmagan. Mutaxassislarning moslashuvi, jumladan, rus tili va tibbiy terminologiyani o'rganish masalalari bevosita ish joyidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan hal etiladi.
Diplomni nostrifikatsiya qilish (tan olish), kasbiy akkreditatsiyadan o'tish va ish stajini tasdiqlash tartiblari federal qonunchilik bilan tartibga solinadi. Mintaqaviy vazirlik bu jarayonda faqat uslubiy ko'mak berish bilan cheklanadi. Xorijlik xodimlar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish esa Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksida belgilangan umumiy asoslarga ko'ra amalga oshiriladi.









