SOS
Mehnat

Rossiya armiyasining bronejiletlari garajlarda migrantlar tomonidan yigʻilgani maʼlum boʻldi

Rossiya armiyasining bronejiletlari garajlarda migrantlar tomonidan yigʻilgani maʼlum boʻldi

"Argumenti nedeli" nashrining xabariga koʻra, Rossiyada safarbar qilingan askarlar hayotini himoya qilishi kerak boʻlgan 30 ming dona bronejilet qalbaki boʻlib chiqqan va ular zavodlarda emas, balki oddiy garaj hamda ofislarda, migrantlar qoʻli bilan yigʻilgan.

2022-yil noyabr oyida "Piket" kompaniyasi asli hamma qatori oddiy qurilish ishlari bilan shugʻullanar edi. Biroq, hujjating koʻrsatishicha, shirkat rahbari Andrey Yesipov Mudofaa vazirligidan 2,4 milliard rubllik shartnomani qoʻlga kiritadi. Kompaniya safarbar qilingan fuqarolar uchun 30 mingta kaska va 30 mingta bronejilet yetkazib berishi shart edi.

Kaskalar bilan muammo boʻlmagan, biroq Xitoydan kerakli hajmda bronejilet gʻiloflarini (plitnik) sotib olish imkoni boʻlmaydi. Davlatdan olingan 1,26 milliard rubl avansni qaytarib bermaslik maqsadida kompaniya rahbarlari yashirin reja tuzishadi. Ular Moskvadagi mashhur "Sadovod" bozoridan oddiy taktik nimchalarni (razgruzka) arzon hisobda sotib olishadi. Mazkur nimchalarning Ichiga qoʻyiladigan himoya plitalari esa hech qanday sertifikatga ega boʻlmagan nomaʼlum temir boʻlaklaridan iborat edi.

Bu sifatsiz detallarni haqiqiy harbiy bronejilet koʻrinishiga keltirish uchun kompaniya rahbarlari zavod yoki maxsus sexlarga emas, balki oddiy ofislar va garajlarga tayanadi. Bu yashirin jarayonga migrantlar ommaviy ravishda yollangan. Shirkatning xavfsizlik xizmati rahbari Mixail Kalchenko aynan mana shu migrantlarni qidirib topish va ularni garajlardagi ishlarga jalb qilish bilan shugʻullangan. Migrantlar arzon ishchi kuchi sifatida garajlarda qalbaki broneplitani taktik nimchalar ichiga joylab, ularga soxta markalar va tayyorlik yorliqlarini yopishtirib chiqishgan. 2023-yilning bahoriga kelib, migrantlar qoʻli bilan 30 ming dona shunday "qoʻlbola" bronejilet yigʻib boʻlingan.

Garaj sharoitida yigʻilgan bu mahsulotlar askarlarni umuman himoya qila olmas edi. Kontrakt boʻyicha ular BR4 va BR5 toifasidagi yuqori himoyaga ega boʻlishi kerak edi.

Ammo migrantlar yigʻgan bu nimchalarda:

- Eng asosiy himoya qatlami boʻlgan kevlar materiali umuman mavjud boʻlmagan. - Zarba kuchini yumshatuvchi maxsus kaplar qoʻyilmagan. - Ular oʻqdan sust himoya qilgan, snaryad parchalaridan (oskolok) esa umuman asray olmagan.

Harbiylar esa hech qanday sinov oʻtkazmasdan, soxta tashkilotlar tomonidan berilgan qalbaki sertifikatlarga ishonib, mahsulotlarni qabul qilib olishgan.

Bu sxema fosh boʻlgach, davlatga yetkazilgan zarar 2 milliard rubldan ortiq deb baholandi. Firbgarlikning asosiy tashkilotchisi Andrey Yesipov allaqachon 8 yilga qamalgan. Hozirda sud jarayonida bosh hisobchi Viktoriya Antonova uchun 11 yil, migrantlarni yollash bilan shugʻullangan Mixail Kalchenko uchun esa 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi soʻralmoqda.

05.09.20268