Rossiyaning “Insiti Logistika” MCHJda mehnat qilayotgan O'zbekiston fuqarolari o'zlarining shaxsiy hujjatlari ish beruvchi tomonidan olib qo'yilgani hamda ish haqlari o'z vaqtida to'lanmayotgani yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasiga murojaat qilgan.
28-sentyabr kuni kelib tushgan mazkur murojaat asosida vakolatxona xodimlari korxona manziliga borib, ish beruvchi bilan muzokaralar olib borgan. Natijada o'zbekistonlik ishchilarning olib qo'yilgan hujjatlari to'liq qaytarib berildi. Shuningdek, ish beruvchi kechikkan ish haqlarini 48 soat ichida to'lab berish majburiyatini zimmasiga oldi. Hozirda mazkur holat vakolatxona nazoratida turibdi.
Rossiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan O'zbekiston fuqarolari huquqlari buzilgan taqdirda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining +7 (495) 803-40-00 raqamli 24/7 koll-markazi yoki +7 (925) 045-47-44 ishonch telefoni orqali yordam so'rashlari mumkin.
Eslatib o'tamiz, Rossiyada 1-sentyabrdan boshlab xorijliklar uchun yangi qonuniy talablar kuchga kirgan. Unga ko'ra, mamlakatda 90 kundan ortiq qolishni rejalashtirgan chet elliklar OIV (OITS) va giyohvandlik bo'yicha tibbiy ko'rikdan o'tishi hamda tegishli ma'lumotnomani olishi shart.









