SOS
Mehnat

Rossiyada kuryerlarning oylik maoshi 125 ming rublgacha oshdi

Rossiyada kuryerlarning oylik maoshi 125 ming rublgacha oshdi

Rossiya mehnat bozorida kuryerlar eng yuqori maosh oluvchi operatsion xodimlar toifasiga aylandi. Rossiya Reklama industriyasi tahliliy markazi ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yilning ikkinchi choragida kuryerlar uchun taklif etilayotgan median oylik maosh 125 550 rublni tashkil etgan. Bu o'tgan yilgi ko'rsatkichga nisbatan 23 foizga ko'pdir.

Maoshlarning oshishiga asosiy sabab sifatida ushbu sohada ishchi kuchining yetishmasligi ko'rsatilmoqda. Xususan, kuryerlik xizmatiga bo'lgan talab yuqori bo'lishiga qaramay, ish beruvchilar xodimlarni ushlab qolish uchun to'lov stavkalarini oshirishga majbur bo'lmoqda. Moskva shahrida kuryerlarning o'rtacha oylik daromadi 140 000 rublgacha yetgan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, kuryerlik sohasi jismoniy va ruhiy jihatdan og'ir ish hisoblanadi. Shuningdek, bozor tobora moslashuvchan va vaqtinchalik bandlik shakllariga o'tayotgani sababli, kompaniyalar xodimlarni jalb qilish uchun raqobatbardosh sharoitlar yaratishga harakat qilmoqda. Kuryerlar daromadi ko'p jihatdan bajarilgan buyurtmalar soni va ish intensivligiga bog'liq.

Ekspertlar fikricha, 2026-yil oxirigacha operatsion xodimlar, jumladan, kuryerlar maoshining o'sish tendensiyasi saqlanib qoladi, biroq o'sish sur'atlari sekinlashishi mumkin. Elektron tijorat va logistika tarmoqlarida buyurtmalar hajmining ortishi kuryerlarga bo'lgan talabni kelgusida ham yuqori darajada ushlab turishi kutilmoqda.

11.09.20263