SOS
Mehnat

Rossiyada qo‘shimcha ish vaqti chegarasi 240 soatgacha oshiriladi

Rossiyada qo‘shimcha ish vaqti chegarasi 240 soatgacha oshiriladi

Rossiya Federatsiyasida 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab tashkilotlar uchun yillik qo‘shimcha ish vaqti (sverxurochnaya rabota) chegarasini 120 soatdan 240 soatgacha oshirishga ruxsat beriladi. Ushbu yangilik jamoa shartnomasi yoki tarmoq kelishuvlarida qayd etilishi shart.

Ta’kidlanishicha, ushbu o‘zgarishlar barcha xodimlar uchun majburiy emas. Qo‘shimcha ishga jalb qilish uchun xodimning yozma roziligi talab etiladi. Shuningdek, ish beruvchi xodimga oshirilgan to‘lov o‘rniga qo‘shimcha dam olish vaqtini tanlash huquqini ham berishi mumkin.

To‘lov tartibiga ko‘ra, yillik limit doirasidagi dastlabki ikki soat kamida bir yarim barobar, keyingi soatlar esa kamida ikki barobar miqdorda to‘lanadi. 121-soatdan boshlab esa har bir qo‘shimcha ish soati uchun kamida ikki barobar haq to‘lanishi belgilangan.

Ushbu qoida zararli mehnat sharoitlarining uchinchi va to‘rtinchi darajasida ishlovchi xodimlarga (masalan, shaxtyorlar, g‘avvoslar) taalluqli emas. Shuningdek, homilador ayollar, voyaga yetmaganlar va o‘quv shartnomasi asosida ishlovchi xodimlarni qo‘shimcha ishga jalb qilish taqiqlanganicha qoladi.

Ish beruvchi xodimni 120 soatdan ortiq ishlashga jalb qilishdan oldin uning sog‘lig‘i holatini hisobga olishi lozim. Pensiya yoshiga yaqinlashgan xodimlar, pensionerlar hamda birinchi va ikkinchi darajali zararli sharoitlarda ishlovchi mutaxassislar uchun qo‘shimcha ishlash faqat ularning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.

27.08.20266