Rossiyadagi migrantlar orasida ish joyini tez-tez almashtirish ko'rsatkichi 300 foizga yetdi

Rossiyada MDH davlatlaridan kelgan mehnat migrantlari o'rtasida kadrlar almashinuvi (tekuchka) darajasi yiliga 300 foizni tashkil etmoqda. Bu haqda Amerika savdo palatasining Rossiyadagi migratsiya qo'mitasi raisi Sofiya Batura «Opora Rossii» tadbirkorlar uchun o'tkazilgan seminarda ma'lum qildi.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, yirik korxonalarda bir xil ish o'rnida mehnat qilayotgan vizasiz tartibda kelgan xodimlar yil davomida 3 martagacha almashinishi kuzatilmoqda. Taqqoslash uchun, vizali tartibda kelgan uzoq xorij davlatlari fuqarolari orasida bu ko'rsatkich atigi 2 foizni tashkil etadi.
Yuqori kadrlar almashinuviga asosiy sabab sifatida patent tizimidagi o'ziga xosliklar ko'rsatilmoqda. Rossiyaning ko'plab hududlarida mehnat patentlarida aniq lavozim ko'rsatilmaydi. Bu esa xorijlik ishchilarga istalgan pozitsiyada ishlash va ma'lum bir ish beruvchiga qat'iy bog'lanib qolmaslik imkonini beradi.
Ekspertlar fikricha, aynan lavozim va ish beruvchiga bog'liq bo'lmagan patent tizimi migrantlarning tez-tez ish joyini almashtirishiga sharoit yaratmoqda. Bu holat mehnat bozoridagi barqarorlikka o'z ta'sirini o'tkazadi.








