Rossiya ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyadan (KXDR) ishlash uchun kelayotgan fuqarolar tarkibida o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Agar avvallari ushbu davlatdan kelgan migrantlarning asosiy qismini erkaklar tashkil etgan bo‘lsa, hozirda uyushgan guruhlar tarkibida ayollar ham Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, KXDR fuqarolari Rossiya kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida ishlamoqda. Shartnoma muddati tugagach, ular o‘z vatanlariga qaytishadi, biroq xohishga ko‘ra yangi shartnoma imzolash imkoniyati ham mavjud. Ushbu jarayon maxsus tashkil etilgan guruhlar doirasida amalga oshiriladi.
Avvallari KXDR fuqarolari asosan o‘rmon xo‘jaligi va sanoat korxonalarida mehnat qilgan bo‘lsa, hozirda ayollar qishloq xo‘jaligi, umumiy ovqatlanish va tikuvchilik sohalarida ishlamoqda. Ishchi guruhlar tarkibida brigadirlar, tarjimonlar, shifokorlar va oshpazlar ham faoliyat yuritadi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrov avvalroq mamlakatda yangi ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj mavjudligini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari xorijlik fuqarolar tomonidan mamlakatda bo‘lish qoidalariga rioya etilishi nazorat qilinishiga alohida e’tibor qaratilayotganini bildirgan.









