SOS
Mehnat

Vladivostokdagi o'zbekistonlik ishchilar uchun yangi ish o'rinlari va huquqiy himoya

Vladivostokdagi o'zbekistonlik ishchilar uchun yangi ish o'rinlari va huquqiy himoya

O'zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Vladivostok shahridagi "Triliton" va "Vladtorg" korxonalarida mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuv o'tkazdi. Muloqot davomida migrantlarning mehnat va yashash sharoitlari, turar joy hamda ovqatlanish holati, shuningdek, ish haqining o'z vaqtida to'lanishi masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda konsulxona xodimlari vatandoshlarga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha ko'rilayotgan choralar haqida ma'lumot berdi. Shuningdek, xorijda xavfsiz mehnat migratsiyasini tashkil etish, favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish hamda millatlararo totuvlik tamoyillariga amal qilish muhimligi ta'kidlandi.

Shu bilan birga, O'zbekistonda mehnat migrantlarini ijtimoiy va huquqiy qo'llab-quvvatlash borasida qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Bu kabi uchrashuvlar migrantlarning huquqiy savodxonligini oshirish va yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolarni o'z vaqtida hal etishga xizmat qiladi.

Korxona rahbarlari bilan o'tkazilgan muzokaralar natijasida kadrlarga bo'lgan ehtiyojlar tahlil qilindi. Tomonlar o'zbekistonlik fuqarolarni talab yuqori bo'lgan mutaxassisliklarga uyushqoqlik bilan va qonuniy asosda ishga joylashtirishni kengaytirish bo'yicha kelishuvga erishdilar.

05.09.20267