Yekaterinburgga ishlash uchun kelgan bir necha Qozogʻiston fuqarolari ish beruvchilar tomonidan quldek ekspluatatsiya qilinganliklaridan shikoyat qilishdi. Migrantlarning soʻzlariga koʻra, mehnat sharoitlari daxshatli boʻlgan: ularning pasportlari olib qoʻyilgan, haftasiga olti kun 12 soatdan ishlatilgan va hatto hojatxonaga borishga ham ruxsat berilmagan. Uch nafar ishchi birinchi kunning oʻzidayoq pullarsiz va hujjatsiz koʻchada qolib, politsiyaga murojaat qilgan va qochib ketgan.
Bu voqea haqida Kolsovo qishlogʻidan boʻlgan jamoatchi Sergey Shuneev oʻzining ijtimoiy tarmoqlarida maʼlum qildi:
"Soat 22:00 atrofida «Deti Ulitsi» tashkilotining dam olish markaziga yordam soʻrab ikki erkak va bir ayol (35, 50, 44 yoshli Qozogʻiston fuqarolari) murojaat qildi. Ular 23-avgust kuni Yekaterinburgga ishlash uchun avtobusda kelishgan. Avtobus har xil millat vakillari — Qozogʻiston, Tojikiston, Oʻzbekiston fuqarolari bilan toʻla boʻlgan.
Hammadan hujjatlarini olib qoʻyishgan va shartnomalarga qoʻl qoʻydirishgan. Ular baliq omborida ishlashgan, lekin manzilini bilishmaydi, chunki ularni mikroavtobuslarda tashishgan. Faqat bir kun ishlashgan. Ularning aytishicha, sharoitlar daxshatli boʻlgan: maxsus ish kiyimi berilmagan, nima kiyib kelgan boʻlsangiz, shunda ishlang deyishgan. Hojatxonaga borish taqiqlangan, ichishga suv berilmagan, ovqat esa juda kam va yomon boʻlgan.
Odamlar sharoitlardan norozi ekanliklarini ayta boshlagach, xavfsizlik xizmati va administrator ularning ustidan kulib: 'Ketaverishingiz mumkin, lekin hujjatlarni olish uchun 25 ming rubl toʻlashingiz yoki 9 smenani bepul ishlab berishingiz kerak', deyishgan. Uchalasining choʻntagida jami 2000 rubl pul bor edi. Markazda ularni ovqatlantirdik, choy berdik. Soat 22:37 boʻldi, nima qilishni oʻylab oʻtiribmiz. Yashash joyiga pullari yetmaydi, vokzalda uxlashga esa qoʻrqishadi. Vaziyat juda qoʻrqinchli", — deb yozadi Sergey Shuneev.









