O'zbekiston Migratsiya agentligi xorijda ishga joylashtirish va jo'nab ketishdan oldingi tayyorgarlik xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi. Agentlik direktorining 2026-yil 19-oktyabrdagi 114-sonli buyrug'iga asosan, yangi narxlar 20-oktyabrdan kuchga kirdi. Ushbu o'zgarishlar 20-oktyabrga qadar tuzilgan shartnomalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Eng katta o'zgarish Janubiy Koreya yo'nalishida kuzatildi. E-9 va E-7 vizalari asosida ishga joylashish uchun xizmat haqi 50 bazaviy hisoblash miqdoridan (BHM) 10 BHMga tushirildi. Bu avvalgi 22 million so'm o'rniga endilikda 4 million 400 ming so'm to'lovni amalga oshirishni anglatadi.
Shuningdek, boshqa davlatlar uchun ham maqbul tariflar belgilandi. Xususan, Yevropa davlatlari, Rossiya Federatsiyasi va arab davlatlariga tashkiliy tartibda ishga joylashish xizmatlari uchun 2026-yil 31-dekabrga qadar to'lov undirilmaydi. Ayrim hollarda xizmat haqi xorijiy ish beruvchi tomonidan qoplanishi ham mumkin.
Qolgan davlatlar uchun belgilangan xizmat haqi tariflari quyidagicha: - Belarus — 44 ming so'm; - Rossiyadan tashqari MDH davlatlari va Mo'g'uliston — 440 ming so'm; - Gruziya — 880 ming so'm; - Turkiya — 1 million 320 ming so'm; - Yaponiya (OTM bitiruvchilari uchun) — 440 ming so'm; - Yaponiya (maxsus malakali ishchi va texnik stajirovka) — 4 million 400 ming so'm.
Eslatib o'tamiz, ushbu narxlar faqat Migratsiya agentligining xizmatlari uchun belgilangan. Viza rasmiylashtirish, avia chipta, tibbiy ko'rik va boshqa xarajatlar dastur hamda mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq alohida to'lanadi. Qo'shimcha ma'lumotlarni agentlikning rasmiy sayti yoki 1282 qisqa raqami orqali olish mumkin.









