SOS
Siyosat

Rossiyada migrantlar uchun yangi qoidalar: kichik qoidabuzarliklarni tuzatish imkoni

Rossiyada migrantlar uchun yangi qoidalar: kichik qoidabuzarliklarni tuzatish imkoni

Rossiyada xorijlik ishchilarni uyushgan holda jalb qilish bo'yicha yangi qoidalar ishlab chiqilmoqda. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o'rinbosari Dmitriy Medvedevning ma'lum qilishicha, Rossiya IIV tomonidan tayyorlangan normativ hujjat loyihasi ikki haftadan so'ng taqdim etiladi. Yangi tizim xorijiy ishchi kuchini samarali va nazorat ostida jalb qilishni ta'minlashga qaratilgan.

Shuningdek, migratsiya qonunchiligida kichik qoidabuzarliklarga yo'l qo'ygan chet el fuqarolari uchun huquqiy maqomini qonuniylashtirish mexanizmi joriy etilishi kutilmoqda. Ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun migrantlar belgilangan jarimalarni to'lashi va majburiy protseduralardan o'tishi talab etiladi. Bu chora qonunlarga rioya qiluvchi migrantlarning mehnat faoliyatini davom ettirishiga sharoit yaratish maqsadida taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, migrantlar ustidan raqamli nazoratni kengaytirish ko'zda tutilgan. Xususan, Moskva va Moskva viloyatida migratsion hisob uchun foydalanilayotgan “Amina” mobil ilovasi tajribasini boshqa hududlarga ham tatbiq etish rejalashtirilmoqda. Ushbu servis xorijliklarga o'z yashash manzili haqida masofadan turib xabar berish imkonini beradi.

Eslatib o'tamiz, Rossiya IIV saytida migratsiya qoidalarini buzgan shaxslar uchun “nazorat ostidagi shaxslar” reestri mavjud. 2025-yilning fevral oyidan boshlab IIV qonunda nazarda tutilgan hollarda xorijliklarni ma'muriy yo'l bilan chiqarib yuborish to'g'risida mustaqil qaror qabul qilish vakolatiga ega bo'lgan.

23.10.20261