SOS
Siyosat

Krasnodar o'lkasida migrantlar uchun patent to'lovi 2027-yilda oshiriladi

Krasnodar o'lkasida migrantlar uchun patent to'lovi 2027-yilda oshiriladi

Krasnodar o'lkasi Qonunchilik majlisi deputatlari 2027-yil uchun xorijiy fuqarolar mehnat patenti qiymatini belgilovchi qonun loyihasini birinchi o'qishda qabul qildi. Unga ko'ra, mintaqaviy koeffitsiyent 8,7 darajasida o'rnatilmoqda.

Krasnodar o'lkasi ma'muriyatining Migratsiya masalalari boshqarmasi boshlig'i Aleksandr Boldinning ma'lum qilishicha, ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda, 2027-yilda tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlovchi migrantlar uchun oylik avans to'lovi qariyb 29 ming rublni, boshqa toifadagi xorijliklar uchun esa qariyb 42 ming rublni tashkil etadi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab to'lovchilar doirasi kengayadi. Endilikda patent asosida ishlovchilardan tashqari, Rossiyada vaqtincha yoki doimiy yashovchi, jismoniy shaxslarga xizmat ko'rsatuvchi (uy xo'jaligi va boshqa shaxsiy ehtiyojlar uchun) xorijliklar ham avans to'lovlarini amalga oshirishlari shart bo'ladi. Bu talab ruxsatnoma yoki patentsiz ishlayotgan xorijiy fuqarolarga ham taalluqlidir.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida patent asosida ishlovchi xorijliklardan olingan soliq tushumlari Krasnodar o'lkasi budjetiga 869,5 million rublni tashkil etgan. 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakuniga ko'ra esa o'lkada 7 mingta amal qilayotgan patent qayd etilgan, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 4,6 barobar kamroq ko'rsatkichdir.

07.10.20261