Novosibirsk viloyati rahbariyati patent asosida ishlayotgan xorijlik fuqarolar uchun yangi cheklovlarni joriy etdi. Gubernator Andrey Travnikov tomonidan imzolangan hujjatga muvofiq, 2027-yildan e'tiboran migrantlarga o'rmon xo'jaligi, ovchilik, baliq ovlash, shuningdek, o'rmondan oziq-ovqat mahsulotlari va dorivor giyohlarni yig'ish bilan shug'ullanish taqiqlanadi.
Ushbu yangi cheklovlar bilan bir qatorda, viloyatda xorijlik ishchilar uchun taqiqlangan sohalar ro'yxati ham mavjud. Hozirda migrantlarga tamaki va ichimliklar chakana savdosi, taksida ishlash, bolalar bog'chalari, yuk tashish, sport sohasi hamda davlat muassasalari qoshidagi oshxonalarda faoliyat yuritish taqiqlangan. Ish beruvchi kompaniyalar o'z shtat birliklarini 2027-yilga qadar ushbu yangi talablarga moslashtirishi lozim.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, viloyatda patent va ruxsatnoma asosida ishlayotgan xorijlik mutaxassislar soni yildan-yilga o'sib bormoqda. Xususan, 2022-yilda 48 416 nafar, 2023-yilda 47 330 nafar, 2024-yilda 52 959 nafar va 2025-yilda 58 312 nafar xorijlik ishchi qayd etilgan. Sohalardagi cheklovlar sababli ko'plab migrantlar avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish stantsiyalarida ishlashga o'tmoqda.
Shuningdek, viloyatda mehnat patentining narxi ham o'zgarmoqda. 2026-yilda patent to'lovi 10 680 rublni tashkil etadi, bu 2025-yilga nisbatan 2 954 rublga qimmatroqdir. Mahalliy byudjet ushbu to'lovlardan 2,5 mlrd rubl miqdorida daromad olishni rejalashtirgan.









