Ukrainaning “Glavkom” nashri va boshqa ommaviy axboror vositalari AQShning prezidenti Donald Tramp vakillari tomonidan Moskva va Kievdagi muzokaralarda taqdim etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi “tinchlik rejasi” tafsilotlarini oshkor qildi. Rasmiy matni hali e’lon qilinmagan ushbu loyiha urushni to‘liq to‘xtatish va jiddiy siyosiy o‘zgarishlarni nazarda tutadi.
Shunday qilib, OAVda e’lon qilingan Trampning yangi tinchlik rejasi quyidagi asosiy shartlarni o‘z ichiga oladi:
Hududiy yon berishlar va qo‘shinlarni olib chiqish: Ukraina Donbass va Zaporojye viloyatining bir qismidan o‘z qo‘shinlarini (UQK) olib chiqib ketishi lozim. Shuningdek, ushbu hududlarga BMT kontingenti joylashtirilishi mumkinligi aytilmoqda. Kiev Rossiya nazoratiga o‘tadigan yerlarni harbiy yo‘l bilan qaytarish fikridan voz kechishi kerak.
Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish va referendum: Ukraina Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilib, unda hududlardan voz kechilishi qonuniy mustahkamlanishi, shuningdek, referendumlar va saylovlar o‘tkazilishi zarur.
NATOdan voz kechish: Ukraina blokdan tashqari maqomini mahkamlashi, NATO yoki boshqa harbiy ittifoqlarga a’zo bo‘lish intilishlarini to‘xtatishi shart.
Armiyani cheklash va til masalasi: Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) son jihatdan cheklanadi, mamlakatda rus tilini himoya qilish bo‘yicha til masalasida kelishuvlar imzolanadi.
Yangi hukumat va BMT kafolati: Tinchlik shartnomasi Ukrainaning yangi hukumati tomonidan imzolanishi va keyinchalik BMTda maxsus tartib orqali tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.
Hozircha ushbu muzokaralarning hech bir ishtirokchisi mazkur rejaning mazmunini rasman tasdiqlagani yo‘q.









