O'zbekiston rasmiylari Rossiyaga ishga ketmoqchi bo'lgan fuqarolar uchun respublika hududida maxsus kompleks markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu markaz mehnat migratsiyasini uyushgan holda amalga oshirish tizimini joriy etishda muhim vosita bo'lishi kutilmoqda.
Rossiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxovning qayd etishicha, mazkur markazda migrantlar uchun Rossiyaga chiqishdan oldingi zaruriy tartib-qoidalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo'yicha test sinovlari, tibbiy ko'rik, shuningdek, daktiloskopiya va biometrik ma'lumotlarni topshirish jarayonlarini aynan O'zbekistonda o'tkazish taklif etilmoqda.
Elchining ta'kidlashicha, ushbu tashabbusni amaliyotga tatbiq etish uchun ikki davlat tegishli idoralari tomonidan hali katta hajmdagi ishlar amalga oshirilishi lozim. Shu sababli, markazning ochilishi yaqin kunlardagi masala emasligi va bu borada hali ko'plab texnik hamda tashkiliy masalalar yechimini kutayotgani aytildi.
Avvalroq, O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori Muxsinxo'ja Abdurahmonov va Rossiya elchisi o'rtasida bo'lib o'tgan uchrashuvda fuqarolarni Rossiyaga uyushgan holda ishga joylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan edi. Tomonlar hujjatlarni tayyorlash va migratsiya jarayonlarini soddalashtirish bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishgan.









