Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari Rossiya ta’lim muassasalariga qabul jarayonida mamlakat fuqarolarining farzandlari uchun ustuvor huquq belgilash tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda partiya fraksiyasi rahbari Leonid Slutskiy Rossiya Ta’lim vazirligiga tegishli xat yo‘llagan.
Moskva shahar dumasidagi LDPR deputati Mariya Voropayevaning ta’kidlashicha, ushbu taklif maktab va bog‘chalardagi navbatlarni qisqartirish hamda mahalliy aholi uchun ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatini oshirish maqsadida ilgari surilmoqda. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Rossiyada 13 mingga yaqin bola maktabgacha ta’lim muassasalariga joylasha olmagan.
Taklifga ko‘ra, Rossiya fuqarolari, xususan, ko‘p bolali oilalar farzandlari uchun ta’lim muassasalariga qabul qilishda birinchi navbatdagi huquqni qonuniy mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Chet el fuqarolarining farzandlarini esa bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgandagina qabul qilish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.
Ushbu tashabbus hozircha taklif bosqichida bo‘lib, u qonuniy kuchga ega emas. Rossiyada yashovchi migrantlar uchun ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibi o‘zgarishi yoki o‘zgarmasligi bo‘yicha yakuniy qaror tegishli davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.









