Rossiyalik iqtisodchi Rostislav Kapelyushnikovning ta'kidlashicha, mamlakatda ishchi kuchini to'ldirish bo'yicha ichki zaxiralar deyarli tugagan. Hozirgi kunda Rossiya iqtisodiyotida 2,5 milliondan 3 milliongacha bo'sh ish o'rni mavjud bo'lib, bu ko'rsatkich pandemiyagacha bo'lgan davrga nisbatan sezilarli darajada yuqori.
Mutaxassisning qayd etishicha, mehnat bozoridagi tanqislik nafaqat malakali, balki malakasiz kadrlarga bo'lgan talabning ortishi bilan ham bog'liq. Agar 2022-yilgacha bo'lgan davrda ofis xodimlari (aqliy mehnat) uchun bo'sh ish o'rinlari ko'proq bo'lgan bo'lsa, hozirda vaziyat o'zgargan va jismoniy mehnat talab qilinadigan kasblarda bo'sh o'rinlar soni keskin oshgan. Xususan, malakali ishchilar uchun bo'sh o'rinlar darajasi iqtisodiyotdagi o'rtacha ko'rsatkichdan yuqori ekani kuzatilmoqda.
Iqtisodchi ichki resurslar, jumladan, ishsizlar qatlami va pensiya yoshidagi aholi hisobiga bo'sh o'rinlarni to'ldirish imkoniyatlari cheklanganini ta'kidlaydi. Uning so'zlariga ko'ra, mehnat migratsiyasi so'nggi potensial zaxira bo'lib qolmoqda, biroq hozirgi sharoitda bu manba ham turli omillar ta'sirida qisqarib bormoqda.
Shu bilan birga, Rossiya korxonalarida xodimlarni majburiy ishdan bo'shatish amaliyoti deyarli qo'llanilmaydi. Ish beruvchilar kadrlar tanqisligi sababli mavjud xodimlarni saqlab qolishga harakat qilmoqda, ishdan ketishlar esa asosan xodimning o'z xohishi yoki tomonlarning kelishuvi asosida amalga oshirilmoqda.









