SOS
Siyosat

Rossiyada afg'onistonlik ishchilarni jalb qilish bo'yicha muzokaralar to'xtab qoldi

Rossiyada afg'onistonlik ishchilarni jalb qilish bo'yicha muzokaralar to'xtab qoldi

Rossiya va Afg'oniston o'rtasida afg'onistonlik fuqarolarni Rossiya mehnat bozoriga jalb qilish bo'yicha muzokaralar to'xtab qoldi. Rossiya prezidentining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zamir Kabulovning ta'kidlashicha, tomonlar ushbu tashabbusni batafsil ko'rib chiqishga kirishmagan va yaqin kelajakda bu borada ijobiy o'zgarishlar kutilmayapti.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur jarayondagi asosiy to'siqlar qatorida til bilish darajasining pastligi, madaniy integratsiya bilan bog'liq qiyinchiliklar hamda xavfsizlik masalalari turibdi. Rossiya IIV qoidalariga ko'ra, xorijliklar ishlash uchun ruxsatnoma olishda rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslarini bilishini tasdiqlashi shart. Bu talablar faqat ayrim toifadagi mutaxassislar uchun istisno qilinishi mumkin.

Rossiya iqtisodiyotida kadrlar tanqisligi kuzatilayotgan bo'lsa-da, afg'onistonlik ishchilarni ommaviy jalb qilish masalasi hozircha kun tartibidan tushgan. 2025-yil iyun holatiga ko'ra, Rossiyada taxminan 100 nafar afg'onistonlik bo'yoqchi, payvandchi va elektrik sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, ilgari 1 mingga yaqin ishchini qishloq xo'jaligi va infratuzilmani tiklash ishlariga jalb qilish bo'yicha kelishuvlar muhokama qilingan edi.

Bugungi kunda Rossiyaga kelayotgan mehnat migrantlarining 70 foizdan ortig'i MDH davlatlari, xususan, O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston hissasiga to'g'ri keladi. 2026-yilning birinchi yarmida esa Rossiyada Xitoy, Hindiston, Vyetnam, Turkiya, Shri-Lanka va Indoneziya fuqarolariga 147 mingta mehnat ruxsatnomasi berilgan bo'lib, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan uchdan bir qismga ko'pdir.

14.10.20261